Ajoyib rezyumeni yozish uchun 7 qoida
Maqolada ishga kirishdan oldin boʻladigan suhbatda muvaffaqiyatga eltadigan rezyumeni yaratish boʻyicha tavsiyalar beriladi.

Maqolada ishga kirishdan oldin boʻladigan suhbatda muvaffaqiyatga eltadigan rezyumeni yaratish boʻyicha tavsiyalar beriladi.
Ish beruvchilar bilan baham koʻrish kerak boʻlgan barcha maʼlumotlaringiz haqida oʻylashni boshlaganda esa rezyume yaratish qiyindek tuyulishi mumkin.
Ish tajribasi, maʼlumot, koʻnikma va malaka intervyuga chaqirilishga yordam beradigan tarzda taqdim etilishi kerak. Mehnat qilgan ish joylaringizning oddiy roʻyxatidan koʻra, oʻzingiz daʼvogarlik qilayotgan lavozimga xos maʼlumotlarni kiritishingiz ancha munosib yondashuv boʻladi.
Eslatma!
Rezyume yozishning eng oson yoʻli qanday? Agar rezyume yaratishga bosqichma-bosqich jarayon sifatida qarasangiz, buni amalga oshirish osonroq boʻladi va sizga ortiqcha qiyinchilik tugʻdirmaydi.
Birinchi rezyumeni yaratish yoki eski rezyumeni yangilagandan soʻng boʻsh turgan lavozimga ariza topshirayotganda uni ishga moslashtirish ancha oson boʻladi.
Rezyume yaratish, muvaffaqiyat keltiradigan rezyumeda boʻlishi kerak boʻlgan maʼlumotlar, har bir boʻlimga nimalar kiritish kerakligi haqidagi misollar, rezyumeni tahrirlash, uni saqlash usullari, umuman olganda, ishga qabul qilish boʻyicha masʼullar eʼtiborini tortadigan rezyume yozish haqida tavsiyalarni quyida oʻqishingiz mumkin.
•••
Rezyumeni yozishni boshlashdan oldin
Matn muharririni tanlash
Rezyume ustida ishlashni boshlashdan oldin sizga matn muharriri kerak. Agar kompyuteringizda matnni qayta ishlash dasturi oʻrnatilmagan boʻlsa, Google Docs kabi bepul onlayn matn muharrirlaridan foydalansangiz boʻladi. Onlayn ishlashning afzalliklaridan biri shundaki, siz foydalanayotgan har qanday kompyuter yoki qurilmada rezyumeni yangilash, yuborish va ulashish mumkin. Bu ariza topshirish jarayonini ancha soddalashtiradi, chunki siz oʻzingiz uchun qulay istalgan joydan boʻsh ish oʻrinlariga osongina ariza yuborish imkoniga egasiz. Onlayn dasturlarda maʼlumot “bulut”da avtomatik tarzda saqlanib boradi, shu sababli uni har safar qoʻlda saqlab borish shart emas. Qurilma oʻchib qolsa ham fayl oʻchib ketmaydi.
•••
Rezyume shaklini rejalashtiring
Endi rezyumening shakli haqida oʻylang. Koʻp doim ham xoʻb degani emas, shuning uchun ixchamlikka intiling. Ish beruvchilar siz va tajribangiz haqida oz va soz maʼlumot olishni xohlaydi, karyerangiz davomidagi har bir detal ularga qiziq emas. Koʻpgina hollarda, bir sahifali rezyume yetarli. Agar katta tajribaga ega boʻlsangiz, koʻproq sahifali rezyume yaratish haqida oʻylab koʻrishingiz mumkin.
Eslatma!
Umuman olganda, rezyume ozgina-yu sozgina boʻlgani yaxshi! Har bir lavozim boʻyicha bir nechta muhim maʼlumot, qisqa jumlalar, harakatchanligingiz va muvaffaqiyatga intilishingiz borasidagi tavsiflar hamda sahifada koʻproq boʻsh joy boʻlishi maqsadga muvofiq.
•••
Maqsadingiz ishga qabul qilish boʻyicha mutaxassislarni hayratda qoldirish va lavozimga ideal nomzod ekaningizni koʻrsatadigan hujjatni taqdim etishdan iborat. Intervyularga chaqirilishga yordam beradigan rezyume yaratish boʻyicha quyidagi tavsiyalarni koʻrib chiqing.
1. Shaxsiy va ish tajribangiz haqidagi maʼlumotlaringizni jamlang
Rezyume yozishni boshlashdan oldin unga kiritishingiz kerak boʻlgan barcha maʼlumotlarni toʻplab oling. Hujjatni yozish, tahrirlash va shakl berish barcha kerakli maʼlumotlarga ega boʻlgan holda ancha oson kechadi.
Ishni boshlashdan oldin foydalanmoqchi boʻlgan aloqa maʼlumotlari, barcha ish joylari, taʼlim, malaka oshirish, sertifikatlar, koʻnikma va boshqa maʼlumotlar haqidagi roʻyxatni tuzing.
•••
2. Rezyumengizni yozing
Barcha kerakli maʼlumotlarni toʻplaganingizdan soʻng ular quyidagi tartibda tashkillashtirilishi kerak: shrift va hujjatni tahrirlash haqida oʻylashga hali erta. Sahifaga kiritmoqchi boʻlgan hamma narsani jamlang. Nomzodligingiz boʻyicha toʻliq manzarani koʻrganingizdan keyin tahrirlash osonroq boʻladi.
Hamma narsani sahifaga tushirgandan soʻng shrift oʻlchami va turi, oraliq masofalarni sozlash hamda rezyumengizga shakl berishingiz mumkin boʻladi.
Har bir boʻlimga nimalarni kiritish kerak?
Rezyume sarlavhasi
Toʻliq ism (Kamolov Jasur yoki Jasur Kamolov)
Koʻcha manzili (toʻliq shaklda)
Shahar, viloyat, pochta kodi
E-mail (ishdagi elektron pochtangizni kiritmang)
Telefon raqami (oʻtkazib yuborilgan qoʻngʻiroqlar uchun ovozli pochta xabaringiz yoniq ekaniga ishonch hosil qiling)
Profil
Rezyumega profil yoki maqsad qoʻshish ish beruvchiga sizning malakangiz haqida qisqacha maʼlumot beradi. Bu rezyumening ixtiyoriy qismidir. Agar uni rezyumega qoʻshsangiz, keyingi lavozimingizda nima xohlayotganingizga emas, balki boʻlajak ish beruvchilar sizdan nima kutayotganiga eʼtibor qarating. Ishga qabul qilish mutaxassislari “nima taklif qila olishingizni” bilishni xohlaydi.
Malakalarning qisqacha mazmuni
Malakalarning qisqacha mazmuni rezyumening yana bir ixtiyoriy qismidir. Bu koʻnikma, qobiliyat, tajriba va sizni lavozimga mos qiladigan boshqa tushunchalarni oʻz ichiga olgan bayonotdir.
Tajriba
Mehnat faoliyati rezyumengizning eng muhim qismidir. Ish beruvchilar qayerda va qachon ishlaganingiz hamda har bir vazifada qanday masʼuliyatni zimmangizga olganingizni bilishni xohlaydi. Ular sizning tajribangiz boʻlajak xodimda qanday aks etishini koʻrishga intiladi.
- Egallagan lavozim va oʻtagan amaliyotlaringizni teskari davriylik tartibida yozib chiqing. Birinchi navbatda eng soʻnggi lavozim yozilishi kerak.
- Har bir ish uchun maʼlumotlar quyidagilarni oʻz ichiga olishi kerak: lavozim, kompaniya, manzil, faoliyat yuritilgan sana va har bir lavozimni kuchli tasvirlab beradigan yutuqlar roʻyxati.
- Agar ishlayotgan boʻlsangiz, lavozimingiz uchun hozirgi zamon, oldingi ishingiz uchun esa oʻtgan zamon qoʻllanishi kerak.
Maʼlumotlar (sanalar, ishlagan joylaringiz nomi) toʻgʻri boʻlishi juda muhim, chunki ish beruvchilar ularning haqiqiyligini tekshirmaydi.
Koʻngilli ish (volontyorlik)
Agar siz murojaat qilayotgan lavozim bilan bogʻliq volontyorlik tajribangiz boʻlsa yoki ishsizlik davrida koʻngilli ish bilan band boʻlgan boʻlsangiz, ularni ham ishlagan lavozimlaringiz roʻyxatini shakllantirgandek yozib chiqing. Rezyumega bu kabi ishlarni kiritish uchun ushbu tavsiyalarni oʻqib chiqing.
Taʼlim
Taʼlim navbatdagi boʻlimdir. Agar bir necha yil davomida taʼlim va malaka oshirmagan boʻlsangiz, unda eng yuqori taʼlim darajangizni koʻrsatishingiz kerak.
Agar hali talaba yoki taʼlim dargohini yaqinda tugallagan boʻlsangiz, rezyumengizning taʼlim boʻlimi ish tarixingizdan yuqorida koʻrsatilishi mumkin. Sizda ish tajribasi boʻlsa, uni ushbu boʻlim ostida koʻrsating. Taʼlim teskari davriy tartibda yozilishi kerak. Birinchi navbatda eng soʻnggi taʼlim darajangiz koʻrsatilsin. Taʼlim muassasasi nomi, olgan darajangiz va bitirgan sanangizni kiriting.
GPAʼni rezyumengizga kiritishingiz yoki kiritmasligingiz, siz qancha vaqt oldin bitirganingizga va GPA koʻrsatkichingiz qanchalik yuqori boʻlganiga bogʻliq. Bu yerda rezyumengizda GPA qachon koʻrsatilishi kerakligi haqida maʼlumot bor.
GPA bu – inglizcha Grade Point Average soʻzlarining bosh harfidan olingan boʻlib, bakalavr yoki magistratura talabalari, shuningdek, maktab oʻquvchilarining darslarni qay darajada oʻzlashtirayotganini koʻrsatib turuvchi, oʻrtacha baholar koʻrsatkichi.
Sertifikatlar
Rezyumengizning keyingi qismida sizdagi barcha sertifikatlar aks etishi kerak.
Mukofot va yutuqlar
Qoʻlga kiritgan mukofot va yutuqlaringiz haqida yozishdan tortinmang. Ular ish beruvchiga yutuqlaringiz uchun “tan olingan” yaxshi nomzod ekaningizni koʻrsatadi.
Koʻnikma va malakalar
Rezyumening ushbu boʻlimi siz ariza topshirgan lavozim bilan bevosita bogʻliq koʻnikmalaringizni oʻz ichiga oladi. Ish beruvchilar odatda lavozim uchun koʻnikma va malakalar roʻyxatini koʻrsatadi. Belgilangan roʻyxatda keltirilgan malakalarga asosan oʻzingizda bor boʻlgan qobiliyatlaringizni shu yerda yozing.
Shaxsiy qiziqishlar
Agar ariza topshirgan lavozim bilan bevosita bogʻliq shaxsiy qiziqishlaringiz boʻlsa, ularni shu yerda sanab oʻting. Bu ishga aloqador tajribaga ega boʻlmasdan boʻsh lavozimga ariza topshirayotganda va tajribani boshqa sohalarda orttirganda foyda berishi mumkin.
•••
- Rezyume tartibini tanlang
Siz foydalanishingiz mumkin boʻlgan rezyume shakllarining uchta asosiy turi mavjud. Tanlangan shakl ish tarixi va maʼlumotlaringizga bogʻliq boʻladi.
- Xronologik — eng koʻp qoʻllanadigan va oxirgi lavozim bilan boshlangan ish tarixini taqdim etadigan rezyume shakli.
- Funksional — agar sizda koʻngildagidek ish tarixi boʻlmasa, unda oʻz mahorat va tajribangizni yaqqol koʻrsatib beradigan, funksional rezyumedan foydalaning.
- Aralash — ushbu rezyume ham koʻnikmalarni, ham ish tarixini oʻz ichiga oladi.
Eslatma!
Xronologik shakl eng koʻp foydalaniladigan rezyume turidir.
Agar siz funksional yoki aralash rezyumeni tanlasangiz, kiritilgan maʼlumotlarni mos ravishda tartiblang. Funksional rezyumeda siz ish malakangizni taʼkidlaysiz. Aralash rezyumeda birinchi navbatda koʻnikmalaringiz roʻyxatga olinadi, keyin esa ish tarixi koʻrsatiladi.
•••
- Rezyume matnini tahrirlang
Rezyume uchun shriftlarni tanlayotganda eng yaxshisi — oddiylik. Agar dizayn bilan bogʻliq lavozimga ariza topshirayotgan boʻlsangiz, bu qoida istisno qilinadi, chunki rezyume dizayn boʻyicha mahoratingizni namoyish qilishi kerak.
Shriftni tanlang: Arial, Calibri, Times New Roman yoki Verdana kabi asosiy shrift turlari maʼqul tanlovlar, chunki rezyumeni ishga qabul qilish boʻyicha menejer oson oʻqishi kerak. Tadrijiylik ham muhim. Rezyume va tavsifnomangizda bir xil shriftdan foydalaning.
Shrift hajmi va turi: shrift uslubi va oʻlchami har xil boʻlishi mumkin. Masalan, ism va boʻlim sarlavhalari uchun kattaroq shriftdan foydalanishingiz mumkin. Taʼlim va ish tarixi tafsilotlarini taʼkidlash uchun qalin va “kursiv”dan foydalaning.
Roʻyxat va paragraflar: yutuqlar roʻyxat shaklida koʻrsatilgan ish tavsifini paragraflardan koʻra oʻqish osonroq. Har bir jumla lavozimdagi eng kuchli yutuqlaringizning qisqacha izohini taqdim etishi kerak.
Quyidagi misolda arizachining ismi va rezyumedagi har bir boʻlimning sarlavhasi kattaroq oʻlchamda va qalinroq qilib yozilgan. Lavozim vazifalari sanab oʻtilgan. Yozma shakldan esa ish va taʼlim tafsilotlarini alohida koʻrsatish hamda nomzodning kompyuter qobiliyatlarini taʼkidlash uchun foydalanilgan.
Jasur Kamolov
Mustaqillik koʻchasi, 3-uy, Toshkent, Oʻzbekiston, 100097
jkamolov@gmail.com | +998 (97) 777-77-77
Ish tajribasi
“Interbridge” korxonasi bosh menejeri
2021-yil, yanvar – hozirgi kunga qadar
Interbridge korxonasi maʼlumotlar bazalarini loyihalash, ishlab chiqish, texnik xizmat koʻrsatish va boshqarishni nazorat qilish.
- Korporativ moliyaviy, tarmoq va operatsion maʼlumotlar bazasini loyihalash, boshqarish.
• Maʼlumotlar bazasi va dasturiy taʼminot dasturlarini sinash, xatolarni tuzatish, oʻzgartirish va yangilanishlar kiritish.
• Tizimning eng yuqori darajada ishlashi va biznes talablariga muvofiqligini taʼminlash uchun maʼlumotlar bazasi, dasturiy taʼminotga muntazam texnik xizmat koʻrsatish.
• Asosiy maʼlumotlar bazasi va dasturiy taʼminotni yangilashni “0 foiz” vaqt yoʻqotish bilan amalga oshirish.
• Yaxlitlik, xavfsizlik, muvofiqlik va miqyosiylikni taʼminlash.
• Samarali soʻrov va saqlash jarayonlari uchun maʼlumotlarni tashkil qilish, tahrirlash va boshqarish.
Taʼlim
Moliya instituti, Toshkent shahri, Oʻzbekiston
Axborot texnologiyalari fakulteti, bakalavr darajasi
Sertifikatlar
- Microsoft tomonidan sertifikatlangan maʼlumotlar bazasi administratori
- Oracle tomonidan sertifikatlangan professional xodim
Texnik koʻnikmalar
Tillar: SQL, Java, .Net, C++, Operatsion tizimlar: Windows, Unix, Linux, iOS, Maʼlumotlar bazasi tizimlari: MS SQL Server, PostgreSQL, MySQL, Oracle, Ingres
•••
- Hujjatni saqlang
Rezyume uchun fayl nomini tanlang. Rezyumeni oʻz ismingiz bilan saqlaganingiz maʼqul: masalan, jasurkamolov.doc. Bu menejerga arizangiz materiallarini kuzatishni osonlashtiradi.
Hujjatning istalgan turini ish beruvchiga yuborish oson boʻlishi uchun rezyumeni Microsoft Word, Google Docs yoki PDF kabi turli formatlarda saqlasa boʻladi, ammo faylni PDF formatida yuborish maslahat beriladi. Chunki Microsoft Word yoki Google Docsʼda yuborilgan maʼlumot boshqa odamning qurilmasida sizdagidek ochilmasligi mumkin (rasm siljib ketishi, shriftlar oʻzgarib ketishi, abzaslar buzilib ketishi va hokazo).
•••
- Yakuniy shaklni oʻqing va chop eting
Rezyumeni yakunlashdan oldin uni diqqat bilan oʻqib chiqish muhim bosqich hisoblanadi. Keyin sahifadagi maʼlumotlar kompyuteringizdagi maʼlumotlar bilan mos kelishiga ishonch hosil qilish uchun uni chop eting.
Ishni yakunlaganingizdan soʻng suhbat jarayoni uchun qoʻshimcha nusxalarni chop etib oling. Agar sizda printer boʻlmasa, u holda mahalliy kutubxona yoki ofis jihozlari doʻkoniga murojaat qilib koʻrish maqsadga muvofiqdir.
•••
- Siz ariza topshirgan har bir lavozimga rezyumengizni moslashtiring
Rezyumengiz tayyor boʻlsa ham, kompaniyalar rezyumelarni tekshirish uchun foydalanadigan ariza beruvchilarni kuzatish tizimlari va tanlangan hujjatlarni oʻqiydigan ishga qabul qilish boʻyicha mutaxassislar rezyumeni tanlab olishiga yordam beradigan yana bir tezkor usul bor.
Boʻsh ish oʻrni haqidagi maʼlumotda berilgan malakalarni rezyumengizdagi lavozim vazifalari, koʻnikmalar, xulosa va maqsad yoki profilingizga kiriting. Bu bir necha daqiqa vaqt oladi xolos, lekin ish beruvchi ishlatgan bir xil soʻzlar va atamalardan foydalanish sizning lavozimga eng kuchli nomzod ekaningizni koʻrsatib beradi.
Rezyumeni doimiy ravishda yangilab boring.
Rezyumeni tayyorlaganingizdan soʻng uni muntazam ravishda yangilab turishni rejalashtirib oling. Bir vaqtning oʻzida katta miqdordagi maʼlumotlarni kiritishdan koʻra, yutuqlaringizni doimiy ravishda kiritib borish osonroqdir.
Manba: How to Build a Resume in 7 Easy Steps.
Muqova surat muallifi: Markus Winkler / unsplash.com
Qiziqmi? Doʻstlaringizga ham ulashing!
Top maqolalar
Bu hafta davomida eng ko‘p o‘qilgan maqolalar ketma-ketligi.
-
Karyera rejasi
Universitetda oʻqish shartmi? Oliy taʼlimning...
12 sentabr 2023 -
Shaxsiy rivojlanish
1-qism. Tanqidiy fikrlashni rivojlantiruvchi ...
21 avgust 2023 -
Stressni boshqarish
Uyda qanday qilib samarali o‘qish va stressni...
21 avgust 2023 -
Oʻqishga oid manbalar
O‘qiyotgan matningizning muhim qismlarini bel...
21 avgust 2023 -
Oʻqishga oid manbalar
Imtihonlar tahliliga vaqt ajratish o‘quvchila...
21 avgust 2023 -
Oʻqishga oid manbalar
Masofaviy oliy ta’lim
21 avgust 2023 -
Oʻqishga oid manbalar
Onlayn ta’lim: yaxshidan eng yaxshigacha
21 avgust 2023 -
Stressni boshqarish
Talabalarga ijobiy odatlarni shakllantirishda...
24 iyul 2023 -
Stressni boshqarish
Oʻziga bosim oʻtkazayotgan oʻsmirga qanday yo...
24 iyul 2023 -
Stressni boshqarish
Qiyin paytlarda jasorat topishning olti usuli
21 iyul 2023