Maʼlumotlar tahlilchisi

IT
oylik 6 000 000 – 30 000 000 so'm
  • Umumiy maʼlumot
  • Talab, koʻnikma va majburiyatlar
  • Ijobiy va salbiy tomonlari
  • Qayerda ishlash mumkin?
  • Foydali havolalar

Umumiy maʼlumot

Katta hajmdagi maʼlumotlar tahlilchisi bu — jamiyatdagi koʻplab sohalar uchun muhim ahamiyatga ega inson. U maʼlumot yigʻish, tahlil qilish va saralash bilan shugʻullanadi. Maʼlumot tahlilchisi bozor tendensiyasini oʻrganadi, ishlab chiqarishni yaxshilashga oid tadqiqot oʻtkazadi. Tadqiqot natijasi asosida muammolarni aniqlash, ularga yechim topish yoki xizmat koʻrsatishni rivojlantirishga qaratilgan modellarni ishlab chiqish ular zimmasiga yuklanadi. Shunday ekan, kompaniya samaradorligi oshishi hamda yuqori daromadga tezda erishishi koʻp jihatdan bu kasb egalariga bogʻliq. Boʻlajak maʼlumot tahlilchilari matematika, statistika, kompyuter va chet tili (ingliz tili) borasida mukammal bilimga ega boʻlishi, katta hajmdagi maʼlumotni sifatli va tezda tahlil qilish uchun zamonaviy texnologiyadan foydalana olishi kerak. Agar siz analitik, tanqidiy fikrlovchi, masʼuliyatli, raqamlarni sevuvchi, shuningdek, tushunarsiz algoritmdan tushunarli yechim topa oladigan inson boʻlsangiz, yuqori daromadli soha — maʼlumotlar tahlilchisi sizga mos keladi. Ish jarayonida internet va kompyuterdan foydalanishni hisobga olsak, koʻplab kompaniyalar bu soha xodimlari uchun masofadan (onlayn) ishlash imkoniyatini ham yaratib beradi.

Talablar

  • Oliy maʼlumot (matematika, matematik statistika);
  • Matematik statistika usuli, maʼlumotni tahlil qilish algoritmi va matematik modellashtirishni bilish;
  • Katta maʼlumotni qayta ishlash uchun zamonaviy texnologiyadan xabardor boʻlish;
  • Relyatsion maʼlumotlar bazasi va SQL tili asoslariga ega boʻlish;
  • Ingliz tilini texnik hujjatlarni oʻqiy olish darajasida bilish.

Sifatlar

  • Analitik fikrlash;
  • Tanqidiy fikrlash;
  • Hayot davomida oʻrganish qobiliyati;
  • Tafsilotlarga eʼtibor.

Majburiyatlar

Ish odamlar bilan emas, balki kompyuter bilan oʻzaro aloqani talab qiladi. Agar maʼlumotlar tahlilchisi kichik jamoani boshqarmasa, hamkasblari bilan deyarli aloqasi yoʻq va odatda mijozlar bilan bogʻlanishning hojati boʻlmaydi. Ish vaqti maʼlumotni qayta ishlash hamda monitor oldida oʻtgani tufayli muloqotsiz tura olmaydiganlar uchun bu kasb mos kelmaydi. Olingan maʼlumotlarni tuzish va ular oqimida muntazamlikni topish uchun siz mantiqiy fikrlash xususiyatiga ega boʻlishingiz kerak. Bu koʻp hollarda mohiyatni topishda yordam beradi. Maʼlumotni tahlil qilishni ijodiy kasblarga bogʻlash mumkin emas, chunki ish maʼlumot toʻplash, tahlil qilish va baholash kabi odatiy harakatni bir maromda takrorlashni talab qiladi. Uning maʼnosini tushunish pazllarni tahlil qilib, yigʻishga oʻxshaydi. Bir necha soatlab oʻtirishni, maʼnosizdek koʻringan qismlarni terib, bitta katta tasvir hosil qilishni yaxshi koʻrsangiz, tabriklaymiz. Bu kasb aynan siz uchun! Tahlilchi koʻpincha aniq parametrlar bilan ishlaydi: raqam, algoritm va maʼlumotlar. U iloji boricha xatoga kamroq yoʻl qoʻyishi kerak, jumladan, tartibli boʻlishi va xotirjam oʻylab ishlashi uchun ruhiy stressga chidamli boʻlishi lozim.

Ijobiy tomonlari
  • Yuqori ish haqi;
  • Mehnat bozoridagi talab;
  • Nufuzli kasb;
  • Qayta tayyorlov, iqtisodiyotning turli sohalarida ishlash uchun keng imkoniyat;
  • Xilma-xillik;
  • Doimiy rivojlanish;
  • Moslashuvchan jadval;
  • Masofadan turib ishlash sharoiti.
Salbiy tomonlari
  • Muvaffaqiyatli ishga joylashish uchun ixtisoslashtirilgan maʼlumot va ish tajribasi;
  • Yuqori masʼuliyat;
  • Haddan tashqari stress;
  • Kasbiy kasallik xavfi.

Qayerda ishlash mumkin ?

  • Dasturiy taʼminot ishlab chiqaruvchi birlashmalar;
  • Texnologik kompaniyalar;
  • Banklar;
  • Frilans.

Foydali havolalar