Oʻziga bosim oʻtkazayotgan oʻsmirga qanday yordam berish mumkin?

   Oʻz-oʻzini tushunish oʻsmirlarga zaharli perfeksionizm kabi zararli odatni bartaraf etishga yordam berishi mumkin. 

61
0

   Oʻz-oʻzini tushunish oʻsmirlarga zaharli perfeksionizm kabi zararli odatni bartaraf etishga yordam berishi mumkin. 

 

   Doʻstimning qizi, Belen, oʻtgan semestrda katta imtihonlardan birini topshirdi. Imtihonga 1 hafta qolganida tinimsiz oʻqidi. Har bir daqiqadan unumli foydalanishga harakat qildi. Imtihondan bir kun oldin, kechqurun qattiq asabiylashdi, karavoti atrofida aylanib, barcha maʼlumotlarni yana bir bor hayolidan oʻtkazdi. Chunki u nimanidir oʻtkazib yuborishdan xavotirda edi. Shunday holatda zoʻrga uyquga yotdi. Imtihon topshirish kuni xonaga kirganida esa qoʻrquvdan falaj boʻlib qolgudek edi va hech narsani eslay olmasdi. 

 

 

   Bunday damlar oʻsmirlar uchun juda ogʻir. Oʻsmirlik davri doim ham ogʻriqli kechgan deb aytishingiz mumkin. Ammo AQSh bosh jarrohining dekabr oyida eʼlon qilgan maqolasiga koʻra, bugunki kunda oʻsmirlar yuz tutayotgan bosim misli koʻrilmagan darajada ogʻriqli. Yoshlarning ruhiy salomatligi inqiroz yoqasida. Bunga sabab faqatgina pandemiya emas. 2019-yilgi CDC Youth Risk Behavior Surveillance survey tadqiqot natijasiga koʻra, soʻnggi oʻn yillikda yoshlar orasida ruhiy salomatlik bilan bogʻliq muammolar koʻpaydi. Depressiya va qaygʻu 40 foizga, oʻz joniga qasd qilish esa 4 foizga oʻsdi.

 

   Nima boʻlmoqda?

 

   Albatta, bu jarayonga taʼsir oʻtkazadigan koʻplab omillar mavjud. Karantin hamda maktablarning yopilishi ayni paytda oʻsmirlar uchun kerakli boʻlgan oʻzaro aloqani uzib qoʻydi. Amerika psixologiya assotsiatsiyasining 2018-yilgi Amerikadagi stress holati haqidagi hisobotiga koʻra, oʻsmir va yoshlarni yangiliklardagi qurolli zoʻravonlik (aynisa, maktabdagi va ommmaviy otishmalar), siyosiy kelishmovchilik, iqlim oʻzgarishi va global isish, muhojirlikdagi oilalarning ajrashishi yoki deportatsiya qilinishi, jinsiy tajovuz hamda taʼqib bilan yoʻgʻrilgan xabarlar stressga tushirib qoʻymoqda ekan.

   Ammo bu yerda eʼtibor qaratilishi kerak boʻlgan narsa bu  — oʻsmirlarning oʻzi uchun juda yuqori standartlar qoʻyishi. Oʻsmir tengdoshlari orasida eng chiroylisi boʻladimi yoki mashhur sport yulduzimi koʻpincha “eng yaxshi” sifatida ajralib turish oʻziga nisbatan muttasil ravishda qattiqqoʻl boʻlishga undaydi. Bu esa noloyiqlik va tushkunlik tuygʻulariga sabab boʻlishi mumkin. Shunga qaramay, ushbu muammodan xalos boʻlish yoʻli mavjud va bu yoʻl ularga yengillik berishi mumkin. Gap shundaki, oʻsmirlar muvaffaqiyatli va baxtli boʻlish uchun oʻzini magʻlub etishi shart emas.

 

   Oʻsmirlikdagi mukammallikka intilish

 

   Qizim oʻrta maktabda oʻqiyotgan vaqtda mavjud boʻlgan barcha universitet va kollejlar uchun moʻljallangan tayyorlov darslariga (AP) qatnashdi. Otasi ham, onasi ham qiziga faqat sevimli fanlaridan qoʻshimcha darslarda qatnashishni aytgan, qoʻshimcha darslarga qatnashmay turib ham sevimli kollejiga kira olishini tushuntirgan. Ammo u rozi boʻlmadi: “Ona, siz baribir tushunmaysiz”,  — deya xitob qildi. 

 

 

   Bugungi kundagi koʻp oʻsmirlar sinfda eng yuqori pogʻonada, oʻzi tanlagan sport turi boʻyicha eng yaxshisi, oʻzi chalayotgan musiqa asbobida eng zoʻri boʻlmasa, ijtimoiy tarmoqlardagi postlari uchun yuzlab “layk” olmasa, oʻzini yetarlicha yaxshidek his qilmaydi. Menimcha, nima demoqchi ekanligimizni tushundingiz.

 

   Bu kabi “yetarlicha yaxshi emaslik” hissi oʻzini boshqalar bilan solishtirish yoki ijtimoiy taqqoslash natijasida ham kelib chiqishi mumkin. Garchi oʻzimizni boshqalar bilan solishtirish mutlaqo tabiiy, kimgadir tegishli boʻlish yoki kimgadir yoqish uchun kerak boʻlsa-da, ruhiy salomatligimiz uchun juda yomon oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Bunday holatda biz yechib boʻlmaydigan jumboq bilan yuzma-yuz boʻlamiz. Agar oʻzimizni taqqoslayotgan insondan yaxshi emas deb bilsak, bizni munosib emaslik hissi chulgʻab oladi va hamma narsada eng yaxshisi boʻlishga harakat qilamiz. Albatta, barcha narsada eng zoʻri boʻlishning iloji yoʻq.

 

   Maktablarda oʻquvchilarning bilimi uchun qoʻyiladigan baholar hamda GPA ballar ularning boshqa tengqurlari bilan solishtirish natijasida oʻziga qanday baho berishini koʻrsatib turadi. Bundan 40 yil oldin oʻrta maktabni bitirgan vaqtdagi natijam hali ham esimda. Bundan ham yomoni  — oʻzaro taqqoslash ijtimoiy tarmoqlarda ham davom etadi. Bu yerda siz uchun bosilgan “layk”lar soni sizning qanchalik mashur ekanligingizni koʻrsatib turadi. Yashiradigan yoki mugʻombirlik qiladigan hech narsa yoʻq, agar sizdagi “layk”lar soni kam boʻlsa, demak, siz boshqalar nazdida muvaffaqiyat qozona olmaysiz. Franklin Ruzvelt aytganidek, taqqoslash — quvonch oʻgʻrisi.

 

   Oʻzini boshqalar bilan solishtirish va mukammal boʻlishga intilish ruhiy salomatlik muammolarining kelib chiqish manbaidir. Bir tadqiqotdan maʼlumki, oʻz-oʻzini tanqid qilishga undovchi mukammallikka intilish, yaʼni oʻzingiz uchun yuqori marralar qoʻyish va ularga erisha olmasa oʻzini koyish, shuningdek, muvaffaqiyatsizlikka eʼtibor qaratish depressiya va xavotirlanish bilan chambarchas bogʻliq. Ushbu tadqiqot “shaxsiy standartlar mukammalligi” deb nomlangan tadqiqotdan tubdan farq qiladi. Ushbu mukammallik depressiya hamda tashvish hissidan ancha yiroq boʻlib, oʻz shaxsiyatingizni tanqid qilmasdan turib oʻzingiz uchun yuqori maqsadlar qoʻyishni anglatadi. Bir tadqiqot natijasiga koʻra, oʻzini tanqid qiluvchi mukammallikka intilish jarayonidagi qiyinchiliklarda muttasil oʻzini ayblaydiganlar dam olish kunlarini tashvishlanish hamda xavotir bilan oʻtkazadi. Mukammallikka intiluvchi, ammo ushbu jarayonda vujudga keluvchi xatolarini togʻri qabul qiladigan insonlar esa ushbu kunlarda dam oladi. Natijada ulardagi umumiy kayfiyat ancha yaxshilanadi.

 

   Biz nima qila olamiz? Qanday qilib oʻsmirlarga oʻziga nisbatan mehrli munosabatda boʻlish barobarida yuqori standartlar qoʻyishi kerakligini tushuntirishimiz mumkin? Ularni maktabda aʼlo bahoga oʻqish va nufuzli kollejga kirish uchun oʻzini tinimsiz koyish, tanqid qilishidan qanday xalos qila olamiz? Axir ular oʻzini ragʻbatlantirishi, doʻsti bilan suhbatlashgandek oʻziga xushmuomala boʻlishi, shu orqali tashvish va tushkunlikdan xalos boʻla olishi mumkin emasmi?

 

Oʻsmirlardagi “mukammallik”ka qarshi kurashish yoʻllari

 

   Qisqa qilib aytganda, oʻsmirlar oʻziga nisbatan mehrli munosabatda boʻlishi kerak, chunki oʻziga nisbatan bunday munosabatda boʻlish tushkunlikdan tezda chiqib ketishga undovchi kuch boʻlib xizmat qilishi mumkin. Kristin Neff taʼkidlaganidek, oʻziga nisbatan mehr-shafqatli boʻlish xafagarchilik, gʻazab, umidsizlik, yolgʻizlik kabi his-tuygʻular hayotning bir qismi ekanligini tushungan holda ularga qarshi kurashish hamda bu kurash davomida doim oʻzini qoʻllab-quvvatlashdir.

 

 

 Boshqacha qilib aytganda, oʻsmirlar oʻzini tayoq bilan emas, balki shirinlik bilan mukofotlashi mumkin. Avstraliyada oʻsmirlar oʻrtasida oʻtkazilgan tadqiqot natijasiga koʻra, oʻziga nisbatan mehr-shafqatli boʻlgan, katta hayotga endi qadam qoʻyayotgan yoshlar mukammallikka intilish davomida kamroq depressiyaga tushar ekan. Aslida ham oʻziga nisbatan mehrli boʻlish mukammallikni maqsad qilgan insonlarni tushkunlik asiri boʻlishdan xalos qiladi. Shunga oʻxshash tadqiqot Xitoyda, magistrantlar orasida ham oʻtkazildi. Natijaga koʻra, oʻziga nisbatan rahm-shafqatli boʻlish tushkunlikka tushish ehtimolini kamaytiradi hamda mukammallikka intilish jarayonida roʻy beruvchi salbiy holatlarning inson psixologiyasiga boʻlgan taʼsirini toʻxtadi.

 

   Neff aytganidek, oʻziga nisbatan rahm-shafqatli boʻlish boshqalarga nisbatan rahmdil boʻlish kabidir. Tushunarliroq qilib aytganda, boshqalarga berishimiz kerak boʻlgan rahm-shafqatni oʻzimizga qaytarishimiz zarur. Agar biz boshqalarga nisbatan rahmdil boʻlsak, nega endi oʻzimizga nisbatan bunday munosabatda boʻla olmaymiz? Chunki bizda bu borada tajriba yoʻq va bunga oʻrganmaganmiz. 

 

Mehr-shavfqatni uygʻotish uchun tanaffus

 

Qiyin his-tuygʻularni boshdan kechirayotgan vaqtda kun davomida oʻziga nisbatan rahm-shafqatli boʻlishga oid amaliyotlarni qoʻllash. 

   

   Yuqoridagi qiyinchiliklarga qaramay, oʻsmirlar oʻziga nisbatan rahm-shavqat hissini uygʻotishi mumkin. Bugungi kunga qadar oʻziga nisbatan mehr-shafqatli boʻlishga doir bir nechta dasturlar ishlab chiqilgan va sinovdan oʻtkazilgan. Bu Kris Germer va Kristen Neffning Mindful Self-Compassion for Teens rahm-shafqat dasturidir. Ilgari “O‘zing bilan doʻstlash” deb nomlangan ushbu dastur (muallif bilan birga yaratilgan) transgender oʻsmirlar oʻrtasida yuzaga kelayotgan tashvishlanish, depressiya va stressni kamaytirdi hamda o‘z joniga qasd qilish kabi g‘oyalarning oʻsmirlar orasida yoyilishini kamaytirdi. 

  

 Ushbu dasturlar davomida oʻsmirlarga muvaffaqiyat yoʻlida oʻziga nisbatan qoʻpol munosabatda boʻlishi shart emasligi oʻrgatiladi. Ushbu dasturlar oʻziga nisbatan yaxshi munosabatda boʻlish muvaffaqiyatsizliklar sababchisi deb oʻylovchi insonlar uchun ayni muddao. Shuningdek, ushbu dastur orqali ana shunday toifadagi oʻsmirlar boshqa tengqurlari ham oʻziga nisbatan ana shunday munosabatda boʻlayotganini bilib oladi. Chunki bu kabi muammodan aziyat chekayotgan oʻsmirlar boshqa tengdoshlarini koʻrib, ularni xursand, oromgohlarda oʻzining baxtli oʻsmirlik davrini oʻtkazmoqda, deb oʻylaydi.

 

   Oʻsmirlar xafa boʻlganida yoki biror narsadan tashvishlanganida oʻsha joyning oʻzida bajariladigan qisqa tinchlantiruvchi amaliyotlardan boxabar, shuningdek, vaqti yetarlicha boʻlganda uzoqroq tinchlantiruvchi amaliyotlarni ham oʻrganmoqda. Eng muhimi, oʻsmirlar oʻziga nisbatan mehr bilan munosabatda boʻlayotgani va boshqalardan oʻziga nisbatan ushbu mehrni kutishining hojati yoʻqligidadir. Shuningdek, oʻsmirlar yaxshi muomalaga loyiq boʻlishi uchun mukammal boʻlishi shart emasligini tushunib yetdi. Biz hammamiz ushbu sayyorada mehmonmiz va hayotning barcha jabhasida mukammal boʻla olmaymiz. Barcha narsada eng yaxshisi boʻla olmaslik esa hayotning bir qismi.

 

     Doʻstimning qizi, Belen hikoyasiga qaytadigan boʻlsak, u oʻziga nisbatan mehrli boʻlishni oʻrganmoqda, albatta, oʻziga nisbatan mehrli boʻlish oʻz ishlaringizni bajarishdan ozod qilmaydi. U hozir ham bilimga chanqoq qiz, ammo muvaffaqiyatsizlikka uchrashdan qoʻrqmaydi. Bu kabi sinovlardan oʻta olmaslik, uni muvaffaqiyatsiz inson ekanini anglatmaydi. Umuman olganda, Belen muvaffaqiyatsizlik uning shaxsiyatini oʻzgartira olmasligini tushunib yetdi. U shunchaki chuqur mulohaza yuritishi, nafaqat ushbu mavzuda, balki oʻz hayotida eng samarali strategiya nima ekanini oʻylab koʻrishi kerak. Ushbu strategiya esa oʻziga nisbatan mehrli boʻlishdir!