Talabalarga ijobiy odatlarni shakllantirishda qanday yordam berish mumkin?

   Muntazam ravishda takrorlab boriladigan kichik odatlar oʻquvchilarda sabr-toqat, minnatdorlik hamda mehribonlik kabi kuchli fazilatlarni rivojlantirishga yordam beradi.

58
0

   Muntazam ravishda takrorlab boriladigan kichik odatlar oʻquvchilarda sabr-toqat, minnatdorlik hamda mehribonlik kabi kuchli fazilatlarni rivojlantirishga yordam beradi.

 

 

   Koʻp talabalar “odatlar” atamasini taʼlimga oid odatlar bilan aloqador deb biladi. Darhaqiqat, bunday talabalar nazdida taʼlim odatlari atamasi odat tushunchasiga salbiy ma’no beradi.

 

   Ammo oʻquvchilarning sogʻligʻi hamda ularning muntazam ravishda rivojlanib borishi uchun yana bir muhim odat turi mavjud. Bu sabr-toqat, shukronalik hamda boshqalar uchun doim yordamga tayyor turish kabi kuchli xarakterlarni oʻzida mujassam etgan odatlardir. Masalan, kimningdir postiga nomaqbul izoh yozishdan oldin sabr-toqatli bo‘lish yoki o‘zi minnatdor bo‘lgan narsalarni qogʻozga tushirish kabi odatlarni keltirib oʻtish mumkin. Buni ijobiy odatlar deb atash mumkin.

 

  Character.org sayti tadqiqotchisi va prezidenti sifatida shuni aytib oʻtish lozimki, har bir bola yoki oʻsmir maktab taʼlimini yakunlashidan avval ijobiy odatni qanday shakllantirganini anglashi va ularni amalda qo‘llashi to‘g‘risida tushuntirib bera olishi kerak. Ayniqsa, ushbu jarayonda kelajakda oʻzida rivojlantirmoqchi boʻlgan odatlar hamda hozirda amal qiladigan ijobiy odatlar  muhim oʻrin tutadi.

 

   Ijobiy odatlar oʻquvchilarga oʻz oldiga qoʻygan “insoniy maqsadlari” ga erishishga yordam beradi. Masalan, halol shaxs boʻlish yoki boshqalarga mehribon boʻlishga intilish kabi. Men uchun har qanday talaba keng miqyosdagi ijobiy odatlarni rivojlantirmasdan turib, eng yaxshi shaxsga aylanishini tasavvur qilish qiyin.

 

   Eng avvalo, talabalarga samarali koʻnikmani hosil qilish va kundalik turmushdagi mazmunli yumushlarni shakllantirishga yordam beradigan odatlar haqidagi asosiy 5 ta tushunchani oʻrganib chiqishimiz lozim.

 

    1. Siz bu — sizning odatlaringiz

 

   Tadqiqotlarga koʻra, barcha harakatlarimizning 40—50 foizi odatlarimizga mutanosib tarzda amalga oshiriladi. Har birimizda ertalab ovqatlanish va uxlash kabi odatlar mavjud. Tushunarli qilib aytganda, bizning hayotimiz odatlarga asoslangan.

 

   Pedagoglarning vazifasi esa oʻquvchilarning odatlari orqali ularning kimligini va kim boʻlishni xohlayotganini tushuntirishdir. Masalan, koʻp yillar davomida farzandlarimdan biri berilgan vazifani topshirishdan avval uni qayta tekshirish odatini o‘zida shakllantirmagani tufayli vazifani to‘la xatolar bilan topshirardi. Ammo keyinchalik doimiy tarzda ehtiyotkorlikni mashq qilish orqali oʻziga kerakli boʻlgan odatni oʻrgandi. 

 

   “Atom odatlari” kitobi muallifi Jeyms Klir o‘zingizni oʻzgartirishning eng yaxshi yoʻli qilayotgan ishingizni oʻzgartirishdir, degan fikrni ilgari surgan edi.

 

    2. Odatlarni qanday shakllantiramiz?

 

   Har bir oʻquvchi “odat halqasi” haqida tushunchaga ega boʻlishi kerak. Odat yaxshi yoki yomon boʻlishidan qatʼiy nazar uning ishlash mexanizmi bir xil:

 

   Signal (xohish) — Tortish — Javob — Mukofot

 

   Signal (xohish) bizning ishtiyoqimizni qoʻzgʻatadi va oʻz navbatida bizning ishtiyoqimiz har bir odat ortidan turtki beruvchi kuchdir. Buday javob esa mukofotga olib boradi (istalgan oʻy yoki harakat ishtiyoqni talab etadi). Qisqa qilib aytganda, biz hali ham kichkina miyamizning asirimiz va bir zumda qoniqish hosil qiladigan mavjudotlar boʻlib qolevaramiz.

 

   Ushbu jarayon kundalik odatlar uchun juda oddiy tarzda ishlaydi. Masalan, oʻquvchi maktabdan uyga qaytganida (signal) tanavvul uchun yengil taom qidiradi. Bu oʻz navbatida dofaminni chaqiradi (tortish). Keyin esa u shoʻr ovqatni berilib tanavvul qiladi (reaksiya). Qarsillagan Fritos kartoshka boʻlaklari esa mukofot rolini bajaradi. Ijobiy odat uchun “odat halqasi” quyidagi koʻrinishda boʻladi: oʻquvchi maktabdan qaytganidan soʻng buvisiga qoʻngʻiroq qilib, uning ahvolini biladi. Buvisining ovozidagi quvnoqlikni eshitish oʻquvchi uchun ijobiy mukofot hisoblanadi.

 

   Tadqiqotchilar mukofotni avvalgidek qadrlamasak-da (yoki mukofot yoʻq boʻlgan taqdirda ham) odatlar saqlanib qolishini aniqladi. Bu ijobiy odatlarni muttasil ravishda amalga oshirib kelayotganlar uchun yaxshi yangilik, chunki ushbu odatlarni doimiy ravishda amalga oshirish ularni shaxsiyatimizning bir qismiga aylantiradi.

 

   3. Muntazam signallar ijobiy odatlarni shakllantirishdagi asosiy kalitdir

 

   Talabalar uchun oʻrganish va mashq qilish kerak boʻlgan yana bir odat tamoyili mavjud. Y harakati uchun X signalni yarating. Masalan, oʻquvchi gitara chalishni (harakat) oʻrganishga qaror qilishidan oldin uy vazifasini bajarishga (kalit) majbur boʻlsin. Bunday yangi odat yoki tartib oʻquvchi har kuni oʻqishini tugatganidan soʻng ushbu harakatni takrorlashi orqali paydo boʻla boshlaydi. 

 

   Boshqa stabil signallar uygʻonish yoki yotish, tishlarni yuvish, ovqatlanish kabi harakatlarni oʻz ichiga olishi mumkin. Doimiy ravishda amalga oshirilgan bunday harakatlar keyinchalik odat tusiga kiradi.

 

   Tadqiqotchilar aqliy makonimizni tartibga solish uchun barqaror odatga boʻlgan xohish zarur ekanini taʼkidlab oʻtadi. Vaqt oʻtishi bilan bunday takrorlash mexanizmi miyamizni qayta tashkil qiladi va oʻz-oʻzidan mukofotga aylanadi.

 

    4. Odatni shakllantirishga yordam beruvchi 4 yechim

 

   S.J. Skot yaqinda “Odatlar tuzilishi” kitobini yozib tugatdi. U mazkur kitobda qiyinroq odatni osonroq odat bilan bogʻlash kerakligiga urgʻu qaratgan. Masalan, oʻquvchilarni musiqa tinglash jarayonida (osonroq odat) oʻz yumushlarini bajarishga (qiyinroq odat) undash kerak.

 

   Yana bir yechim — majburiyat kuchidan foydalanish. Haqiqat shundaki, biz doimo oʻzimizga bergan vaʼdani buzamiz. Shu sababli oʻz odat va rejamizni oʻqituvchi, doʻst yoki ota-onamiz kabi bizni javobgarlikka torta oladigan insonlar bilan boʻlishishimiz zarur. Oʻzimiz uchun ishonchli va bizni biladigan insonga vaʼda berish ijobiy odatlarni rivojlantirishda muhim oʻrin tutadi.
  Uchinchi yechim esa odat tendensiyasini aniqlash. Gretxen Rubin tomonidan ishlab chiqilgan asosiy gʻoyaga koʻra, har birimiz ichki va tashqi maqsadlarimizga qay tarzda javob berishimizni aniqroq tushunishimiz zarur.  Odatni davom ettirish uchun baʼzi insonlar oʻzidagi odat nima uchun muhimligini tushunishi kerak boʻlsa, boshqalar ushbu odat uchun javobgarlikni oʻz zimmasiga olishi kerak.
  Nihoyat odatni shakllantirish haqida gap borganda, har bir oʻquvchi ijobiy tasdiqning kuchini anglab yetishi lozim. Oʻzimizga boʻlgan salbiy munosabat oʻrnini ijobiysi bilan almashtirish odatni shakllantirishdagi yana bir yechim boʻlishi mumkin. Masalan, oʻquvchining “Men buni tushundim”, “Men buni qila olaman” mazmundagi undashlarni doimiy takrorlashi ijobiy aqliy odatlarni yaratishda asosiy omil boʻlishi mumkin.

 

    5. Maqsad hamda iroda kuchi yetarli emas

 

   Zamonaviy tadqiqotlar maqsadlarni belgilash va oʻz-oʻzini nazorat qilish odatlarning shakllanishidagi ikki eng muhim omil ekani haqidagi afsonalarga barham bermoqda. Niyatning oʻzigina xulq-atvorni oʻzgartirolmaydi. Bundan tashqari, iroda kuchi vaqt oʻtishi bilan tugaydigan resursdir. Shu bilan birga, hech kim umri davomida oʻzini inkor etib yashay olmaydi.
  Talabalar domiy odatlarga ega boʻlish bilan birgalikda oʻz odatlarini rejalashtirishi ham kerak. Tadqiqotlarda aytilganidek, tayyorgarlik bu — kalit. Bir maqolda aytilganidek, reja qila olmaslik omadsizlikni rejalashtirish kabidir. Odatni rejalashtirish motivatsiya va iroda kuchidan muhimroq omil hisoblanadi.
  Yangi ijobiy odatni yaratish inson tafakkurining bir qismi hisoblanadi. Uni yaratish oʻquvchidan signal (X) hamda harakat (Y), shuningdek, ushbu odatni rivojlantirish jarayonida vujudga keluvchi zaiflik yoki nuqsonlarni koʻzdan qochirmaslik uchun intellektual boshqaruv talab etiladi. Masalan, baʼzi maktablar oʻz oʻquvchilarini minnatdorchilikni odat qilib olishga undaydi. Buning uchun oʻquvchilar (ertalab yoki kechqurun) oʻzi uchun eng mos keladigan signal va harakatni aniqlab olishi hamda ushbu odatni rivojlantirishga qarshilik qiluvchi holatlarga tanqidiy fikrlash orqali javob topishi kerak boʻladi.
  Odatlar har kunlik turmushimizni 1 foizdan yaxshilab boradi. Aristotel aytganidek, biz doimiy qaytaradigan harakatlarimiz natijasida rivojlanib boramiz.
  Yaqinda oʻtkazilgan tadqiqotlarga koʻra, koʻp hollarda oʻquvchilarning oʻz-oʻzini boshqarishida odatning tutgan muhim oʻrni oʻqituvchilar tomonidan eʼtiborsiz qoldiriladi. Shu sababli ota-onalar hamda pedagoglar birlashib, ana shunday stressga toʻla davrda oʻquvchilarga yaxshi odatlarni rivojlantirish uchun oʻz energiyasi va kuchidan toʻgʻri foydalanishda yordam berishi zarur.
      Keling, 11-sinf oʻquvchilari oʻzi amal qilayotgan ijobiy odatlar haqida 8-sinf oʻquvchilari bilan suhbatlashayotgan kelajakni koʻz oldimizga keltiraylik. Oʻquv yilining boshida har bir oʻquvchi qishki taʼtilga qadar oʻzida rivojlantirmoqchi boʻlgan odatini tengdoshlariga aytib berishini faraz qilaylik. Yuqoridagilar yoshlardagi odatni oʻzining aqli, qalbi va harakatlari yordamida shakllantirishga ilhomlantiradigan va qurollantiradigan gʻoyalar edi.