Universitetda oʻqish shartmi? Oliy taʼlimning afzallik va salbiy tomonlari

Agar universitetga kirish borasida ikkilanayotgan boʻlsangiz, quyida berilgan oliy taʼlimda oʻqishning ijobiy va salbiy tomonlari roʻyxatini oʻqib chiqing. Bu sizga qaror qabul qilishingizda yordam beradi. 

64
0

Agar universitetga kirish borasida ikkilanayotgan boʻlsangiz, quyida berilgan oliy taʼlimda oʻqishning ijobiy va salbiy tomonlari roʻyxatini oʻqib chiqing. Bu sizga qaror qabul qilishingizda yordam beradi. 

 

Oliy maʼlumotli boʻlish yangi bilim va koʻnikmalarga ega boʻlish hamda kasbiy istiqbolga erishish imkonini beradi. Universitetga kirish oʻzining afzallik va kamchiliklariga ega. Talaba boʻlishdan oldin bularni oʻylab koʻrishingiz kerak. 

 

Universitetda oʻqishning afzalliklari

 

Quyida universitetga kirishning 10 ta ijobiy tomoni bilan tanishib chiqishingiz mumkin.

 

 

freepik.com

 

     1. Mutaxassislik kasblarini egallashingiz mumkin

 

Oʻzingiz qiziqqan soha boʻyicha oliy maʼlumotga ega boʻlish mutaxassisligingiz boʻyicha ish bilan taʼminlanish imkoniyatini oshiradi. Ixtisoslashgan kasblarning aksariyati akademik tayyorgarlik, bakalavr hamda magistr darajalariga ehtiyoj sezadi. Sogʻliqni saqlash, muhandislik, taʼlim, huquq va buxgalteriya sohalari ana shunday akademik tayyorgarlik talab etadigan kasblarga misol boʻla oladi.

Demak, universitetda koʻplab muqobil variantlar mavjud boʻlsa-da, qoʻlga kiritadigan darajangiz muayyan kasb va martaba koʻtarilishi uchun juda muhim omil boʻlib xizmat qiladi.

 

     2. Koʻproq daromad topishingiz mumkin

 

Oliygoh bitiruvchilari kollej bitiruvchilariga qaraganda 35 foizga koʻproq maosh olishi haqida xabaringiz bormi?

Agar siz daromadli kasbga intilayotgan oʻrta maktab oʻquvchisi boʻlsangiz, kollej diplomi orqali muvaffaqiyatli karyerani boshlashingiz mumkin.

Ammo oʻz sohangizda tajribali kadr boʻlish, martaba koʻtarilishi, rivojlanishni xohlasangiz universitet diplomi ayni muddao. Albatta, bu jarayon sizning tanlagan sohangiz va ish beruvchiga ham bogʻliq. 

 

     3. Umumiy koʻnikmalar rivojlanadi

 

Umumiy koʻnikmalar har qanday kasbda foydalansa boʻladigan malaka toʻplamini anglatadi. Bunday koʻnikmalar sirasiga boshqalar bilan aloqa oʻrnatish, tanqidiy fikrlash, jamoada ishlash, bir vaqtda koʻp vazifani bajara olish, yetakchilik va ijodkorlik kiradi.

Universitetda oʻqish sizga muayyan fan boʻyicha bilimlar berish bilan birga, ish bilan taʼminlanishingiz uchun zarur boʻlgan koʻnikmalarni rivojlantiradi. 

 

     4. Fikrlashingizni kengaytiradi

 

Universitetda oʻqish yangi joyda yashash, turli millat vakillari bilan tanishish hamda butun dunyo boʻylab doʻstlar orttirish imkoniyatini beradi.

 

Ushbu jarayonda nafaqat ijtimoiy doirangiz, balki dunyoqarashingizni ham kengaytirishingiz lozim.

 

Universitet darslaridan tashqari madaniyat, siyosat, sanʼat va sport bilan bogʻliq qoʻshimcha mashgʻulotlar olishingiz mumkin. Bularning barchasi shaxsiy rivojlanishingizda muhim rol oʻynaydi. 

 

 

freepik.com

     5. Sevimli sohangiz boʻyicha tajribaga ega boʻlasiz

 

Agar siz qaysidir sohada karyera boshlash yoki maʼlumotga ega boʻlishni xohlasangiz, shuningdek, ushbu sohaga qiziqsangiz, kollej taʼlimi sizga yordam berishi mumkin.

 

Ammo ilmiy darajaga ega boʻlish oʻzingiz qiziqqan sohada mutaxassis boʻlish hamda chuqurroq yondashishga imkon beradi. Siz bakalavriat bosqichini tugatdan soʻng magistrlik va PhD (fan doktori) darajasini qoʻlga kiritsangiz, fanlar akademiyasida ham faoliyat yuritish imkoniyatiga ega boʻlasiz.

 

     6. Mutaxassisligingiz boʻyicha tadqiqot oʻtkazish koʻnikmasini rivojlantirasiz

 

Universitet diplomi sizga analitik va tanqidiy fikrlash bilan birga tadqiqot oʻtkazishga puxta tayyorgarlik koʻrish imkonini beradi. Ushbu koʻnikma sizga taxminlarni shubha ostiga qoʻyish, muammolarni muvaffaqiyatli hal qila olish hamda oʻrganilayotgan muammo boʻyicha ilmiy xulosalar berishni oʻrgatadi.

 

Bu biotibbiyot boʻyicha tadqiqot ishi yoki adabiyotdan diplom ishi boʻladimi, bu ish beruvchilar uchun bebaho mahorat sifatida qabul qilinadi. Siz esa martaba koʻtarilishi jarayonida ushbu mahoratingizdan qayta-qayta foydalanaverasiz. 

 

     7. Sizda sohangiz boʻyicha boshqalar bilan professional aloqa oʻrnatish imkoniyati paydo boʻladi

 

Kasbingizdagi boshqa insonlar bilan oʻzaro professional aloqalar hozirgi va kelajakdagi omad kalitingiz hisoblanadi.

 

Universitet sizga samarali munosabat oʻrnatish va uni kengaytirish imkoniyatini beradi. Sohangizdagi tajribali insonlar bilan malaka oshirish jarayonida yoki salomlashish orqali aloqa oʻrnatishingiz mumkin, muhimi, bu sizga potensial ish beruvchi va kelajakda sizni qoʻllab-quvvatlaydigan odamlar bilan munosabat oʻrnatishda katta yordam beradi. 

 

     8. Sizga koʻproq mustaqillik beriladi

 

Yosh talabalar uchun universitet hayoti mustaqil yashash lazzatini beradi. Siz nafaqat yangi ijtomoiy hayotda yashaysiz, balki kir yuvish, ovqat pishirish va toʻlovlarni toʻlash kabi asosiy, hayotiy koʻnikmalarga ega boʻlasiz.

 

Sizda paydo boʻlgan mustaqillik tuygʻusi katta hayotga qadam qoʻyishingizga imkon beradi va koʻproq masʼuliyat yuklaydi. Avvaliga bu qoʻrqinchli tuyulishi mumkin, ammo keyinchalik koʻp narsalarni oʻrganasiz va tajriba orttirasiz. 

 

     9. Dunyo koʻrasiz

 

Agar siz chet el oliy taʼlim muassasiga kirsangiz, bu sizga bir vaqtning oʻzida sayohat qilish va oʻqish imkoniyatini beradi. Koʻpgina universitetlarda chet elda bir yil oʻqish uchun shart-sharoit yaratib beriladi. Ushbu bir yillik oʻquv dasturida turli mamlakatlar boʻylab sayohat amalga oshirilishi mumkin.

 

Shunday qilib, agar sizda sayohat qilish va yangi joylarni oʻrganishga ishtiyoq boʻlsa, universitet bu borada yaxshi tanlovdir.                   

 

     10. Ish tajribasiga ega boʻlasiz

 

Universitet talabasi sifatida tajriba orttirish va texnik koʻnikmalarga ega boʻlish maqsadida malakaviy amaliyot oʻtashingiz yoki yarim kunlik ishda ishlashingiz mumkin. Baʼzi oʻquv dasturlari sanoatda bir yillik ish yoki yozgi taʼtil davomida ishga joylashish imkoniyatini taklif qiladi.

Bu esa bitiruvchi sifatida boshlangʻich darajadagi lavozimni egallash ehtimolini oshiradi va rezyume uchun katta hissa qoʻshadi. 

 

 

freepik.com

 

Universitetda oʻqishning kamchiliklari

 

Tanganing ikkinchi tomoni boʻlgani kabi universitetda oʻqishning ham oʻziga xos kamchiliklari mavjud. Quyida universitetda oʻqishning 10 ta kamchiligi haqida bilib olishingiz mumkin.

 

     1. Qarzga botib ketishingiz ehtimoldan xoli emas

 

Hozirgi kunda taʼlim qanchalik qimmat ekani barchaga ayon. Agar siz oʻqish xarajatlarini oldindan toʻlash imkoniyatiga ega boʻlmasangiz, nafaqat diplom bilan, balki katta qarz bilan universitetni bitirishingiz mumkin.

Bundan tashqari, hisobga olishingiz kerak boʻlgan boshqa xarajatlar, masalan, turarjoy va yashash chiqimlari mavjud.

 

     2. Oʻqish uchun koʻp vaqt ajratasiz

 

Universitetda taʼlim olish uzoq muddatli majburiyat hisoblanib, oʻquv yili tanlagan yoʻnalishingizga qarab 3 yildan 8 yilgacha davom etishi mumkin.

 

Agar universitetga kirishdan oldin biror kasb egasi boʻlsangiz, taʼlim olish uchun ishingizdan voz kechishga majbur boʻlasiz.

 

Hattoki yosh boʻlishingizga qaramasdan ushbu omil muhim rol oʻynaydi. Siz oʻzingizni koʻp yillik daromaddan mahrum etasiz va talabalik qarzini toʻlaysiz. Ammo yarim kun davom etadigan taʼlim turi boʻsh vaqtingizda oʻz sohangiz boʻyicha ishlash imkonini beradi. 

 

     3. Ish bilan taʼminlash kafolati berilmaydi

 

 

freepik.com

 

Universitetga kirganingizdan soʻng olishingiz mumkin boʻlgan yagona kafolat bu — diplom (agar yetarlicha mehnat qilsangiz). Sizga osonlikcha ish topish yoki biror lavozimga koʻtarilish kafolati berilmaydi.

 

Mehnat bozorida raqobat juda yuqori boʻlib, boshqa nomzodlardan ajralib turish uchun turli koʻnikma va tajribaga ega boʻlishingiz kerak. Biroq koʻp hollarda kollej darajasi tanlayotgan sohangiz boʻyicha ishlash uchun minimal talab boʻlishi mumkin.

 

     4. Sizda texnik koʻnikmalar yetishmasligi mumkin

 

Barcha taʼlim yoʻnalishlari ham amaliy tajriba va texnik koʻnikmalarni rivojlantirish imkoniyatini taklif etmaydi.

 

Koʻpgina boshlangʻich darajadagi lavozimlar treningni taklif qilsa-da, sizda texnik malakaning yoʻqligi ishga joylashish va martabada oʻsish vaqtini uzaytirishi mumkin.

 

Amaliyot, yarim kunlik ish va ko’ngilli loyihalar — sizni qiziqtirgan sohada texnik tajribaga ega boʻlish uchun ajoyib imkoniyat. 

 

     5. Boshqalar bilan kommunikatsiya vaqti koʻp boʻlmaydi

 

Baʼzi taʼlim yoʻnalishlari boshqalarga qaraganda kamroq munosabat vaqtini taklif etadi.

 

Maktabda haftasiga 5 kun, 8 soatdan dars olgan boʻlsangiz, universitetda haftasiga 5 kun, umumiy 8 soat maʼruza, seminar va mahorat darslarini olishingiz mumkin. 

 

Bu tanlagan yoʻnalish va fakultetga bogʻliq boʻlsa-da, siz toʻlaydigan yuqori oʻquv xarajatlarini hisobga olsak, juda kam taʼlim olish sizni tushkunlikka tushirib qoʻyishi mumkin. 

 

Bir qancha yoʻnalishlar mustaqil oʻrganish va tadqiqot oʻtkazishni talab etadi. Shu sababli vaqtingizning katta qismini maʼruza zalida emas, balki kutubxonada oʻtkazishingizga toʻgʻri keladi.

 

     6. Bilim olish psixologik jihatdan haddan tashqari ogʻir boʻlishi mumkin

 

 

freepik.com

 

Agar siz uydan uzoqda yashasangiz, universitetda oʻqish hayajonli, shu bilan birga, juda katta tajriba maktabi vazifasini oʻtashi mumkin. Bunday oʻzgarish oila va yaqinlari bilan qattiq bogʻlangan talabalarda stress va qiyinchilik bilan kechishi mumkin.

 

Uy sogʻinchi universitetning 1-bosqich talabalari orasida keng tarqalgan. Agar oʻzingizni oʻqishga bagʻishlasangiz, vaqt oʻtishi bilan bu sogʻinchni yengishingiz mumkin boʻladi. 

 

     7. Siz amaliyotchiga qaraganda kamroq maosh olasiz

 

Bu qanchalik gʻayrioddiy tuyulmasin, bakalavr darajasi bilan amaliyotchiga qaraganda kamroq pul topasiz.

 

Amaliyotchi bir darajadan ikkinchi darajaga oʻtganda, mukofot dasturi yordamida maoshini oshirishi mumkin. Ular kompaniyada ishlagan vaqti orttirgan malakasi tufayli sizdan koʻproq olishi mumkin.

 

Shunday qilib, baʼzi hollarda amaliyotchi sifatida ishga kirish ushbu sohada ilmiy darajaga ega boʻlishdan koʻra manfaatliroq boʻlishi mumkin. 

 

     8. Yelkangizda ogʻir ish yuki boʻladi

 

Oliy taʼlim qiyin.

 

Seminar va maʼruzalar bilan birgalikda oraliq imtihonlari, kurs ishi, loyihalar va yoziladigan insholar ham mavjud. Bunchalik koʻp ish yukini uddalash juda qiyin, ayniqsa, oʻqish davomida ishlasangiz yoki sport va boshqa oʻqishdan tashqari mashgʻulotlar bilan shugʻullansangiz vaqtingizni katta qismini sarf qilishingizga toʻgʻri keladi.

 

Agar siz tezda stressga uchrasangiz, bir vaqtning oʻzida koʻplab vazifalarni bajarish yoki tashkilotchilik bilan bogʻliq muammolarga duch kelsangiz, taʼlim jarayoni qiyin oʻtishi mumkin. Vaqt oʻtishi bilan bunga moslashasiz va yelkangizdagi yukni qanday yengillatishni oʻrganib olasiz. 

 

     9. Taʼlim davomida oʻzingizni tarbiyalab borishingiz kerak

 

Taʼlim dasturi davomida vaqtingiz va oʻqishingiz uchun javobgar boʻlasiz. Bu sizdan katta hajmda oʻz-oʻzini tarbiyalashni talab qiladi.

 

Albatta, bu inson sifatida oʻrganish va rivojlanish uchun ajoyib imkoniyat, biroq siz bunday qadamni qoʻyishga tayyor boʻlmasangizchi? Ehtimol, universitetdan boshqa muqobil variantlarni koʻrib chiqishingiz va tayyor boʻlgach, hujjat topshirishingiz kerakdir. 

 

     10. Fikringizni oʻzgartirishingiz mumkin

 

Agar siz bir taʼlim yoʻnalishini tanlasangiz, ammo keyinchalik boshqa kasbni tanlash maqsadida fikringizni oʻzgartirsangiz nima boʻladi? Taʼlim yoʻnalishini oʻzgartirish uchun keyingi semestrni kutishingizga toʻgʻri keladi.

 

Lekin universitet oldingi taʼlim yoʻnalishingizdagi kredit soatlarini yangi yoʻnalishga oʻtkazib bermasligi mumkin. Shu sababli barchasini boshidan boshlashingizga toʻgʻri keladi. Biroq siz oʻzingizni qiziqtirgan soha boʻyicha taʼlimni tugatsangiz, bu arziydi.

 

Xulosa

 

Yuqorida siz universitetda oʻqishning ijobiy va salbiy tomonlari bilan tanishib chiqdingiz. Endi doʻppini tizzaga qoʻyib, imkoniyatlarni chamalab koʻrish vaqti keldi.

 

Universitet bitiruvchisi sifatida yuqori darajali diplomni qoʻlga kiritish sizning ishga joylashish imkoniyatingizni oshirishi mumkin. Biroq universitetda oʻqish kerakmi yoki yoʻqligini hal qilishdan oldin oʻzingizga quyidagi savollarni bering: 

 

  • Men qanday karyera yoʻlini bosib oʻtmoqchiman?

 

  • Oliy taʼlim darajasi karyera maqsadlarimga erishishda yordam beradimi? Qanday qilib?

 

  • Menda tanlash uchun boshqa imkoniyatlar mavjudmi? 

 

Agar hali ham ishonchingiz komil boʻlmasa, sanoatda boshlangʻich tajribaga ega boʻlish uchun maktabdan soʻng bir yillik tanaffus olishni oʻylab koʻring. Universitetni tamomlagandan soʻng esa qaysi yoʻnalishda davom ettirishni hal qilishingiz mumkin. Bu formula koʻpchilik uchun qoʻl keladi, chunki ular bir darajaga chiqishdan oldin haqiqiy dunyoni koʻradi va oʻz imkoniyatlarini kashf etadi. 

 

Universitetda oʻqish yoki oʻqimaslik borasida boshqa sabablar mavjudmi? Ularni quyidagi sharhlar boʻlimida biz bilan baham ko’rishingiz mumkin.