
British Management University
Boʻlajak biznes rahbarlari va iqtisodiyotning muhim tarmoqlari uchun yuqori darajali mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashgan Britaniya menejment universiteti 2020-yilda tashkil etilgan. Bugungi kunda universitetning “Moliya”, “Biznes”, “Moliya tahlili va audit” sohalari kabi 13 ta taʼlim yoʻnalishida talabalar tahsil olmoqda. Ularga moliya, biznes va buxgalteriya sohasida ilmiy darajaga ega xorijiy professor-oʻqituvchilar taʼlim bermoqda. Universitetdagi bakalavriat va magistratura dasturlarining aksariyati Buyuk Britaniya oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. Talabalar uchun qoʻshma taʼlim dasturlari mavjud boʻlib, yakuniy imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgandan soʻng hamkor universitetlar diplomini olish imkoniyati yoʻlga qoʻyilgan. Buxgalteriya sohasida Oksford Bruks universitetining “Amaliy moliyaviy tahlil va audit” mutaxassisligi boʻyicha bakalavr yoki London universitetining “Professional moliyaviy tahlil va audit” yoʻnalishi boʻyicha magistr darajasi shular jumlasidandir.

