
“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti
Turizm sohasida malakali mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashgan “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti 2018-yilda tashkil etilgan.
Universitetning 8 ta taʼlim yoʻnalishida 2 200 ga yaqin talaba oʻzbek hamda rus tillarida tahsil olmoqda. Oliygohda 20 ga yaqin ilmiy tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, oliygoh xalqaro oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik shartnomasiga ega. Jumladan, Indoneziya, Turkiya, Ozarbayjon, Qozogʻiston va Qirgʻizistonda joylashgan oliy oʻquv yurtlari bilan hamkorlikda anjumanlar hamda konferensiyalar oʻtkazib kelinmoqda. “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti Jakartadagi Sahid politexnika, Surakartaning Sahid turizm instituti va Xitoyning Guilin turizm universitetlari bilan hamkorlikda qoʻshma taʼlim dasturlarini talabalarga taklif qilmoqda. BMTʼning Jahon sayyohlik tashkiloti hamda Yaponiya turizm byurosi bilan birgalikda taʼlim sifatini oshirishga qaratilgan saʼy-harakatlar amalga oshirilmoqda.

