Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti

Xalqaro iqtisodiy munosabatlar, xalqaro huquq, xalqaro munosabatlar sohasida mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashgan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti 1992-yilda tashkil etilgan.
Universitetning 4 ta taʼlim yoʻnalishida 2 000 ga yaqin bakalavr va magistrlar tahsil olmoqda. Ularga 160 nafar professor-oʻqituvchilar, jumladan, 17 nafar professor, 17 nafar fan doktori taʼlim bermoqda. Oliygoh oʻzining “Xalqaro munosabatlar” jurnaliga hamda 300 000 asar saqlanadigan kutubxonasiga ega. Taʼlim tizimini jahon standarti darajasiga olib chiqish maqsadida universitet Janubiy Koreyaning Adju hamda Hankuk, Yaponiyaning Nagoya, Shvetsiyaning Lund, Kanadaning Alberta texnologiyalar instituti, Germaniyaning Gyote hamda Buyuk Britaniyaning Lester universitetlari va boshqa oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Oliygohda xalqaro taʼlim boʻyicha Amerika kengashining COIL, Turkiya hukumatining “Turkiya grantlari”, Yaponiyaning JICA hamda Erasmus dasturi doirasidagi bir qancha loyihalar va davlat grantlari yoʻlga qoʻyilgan. Universitet qoshida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti akademik litseyi faoliyat koʻrsatadi. Oʻzbekiston axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi raisi oʻrinbosari – Saida Mirziyoyeva, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi senatori – Feruza Eshmatova, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Ijtimoiy-siyosiy rivojlanish masalalar boʻyicha maslahatchisi – Ruslanbek Davletov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi – Sherzod Asadov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri – Hilola Umarova Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti faxriy bitiruvchilari hisoblanadi. Oliygoh Oʻrta Osiyo oliy taʼlim muassasalari reytinggida 16-oʻrinda qayd etilgan.

1992
1000
Toshkent sh, Mirzo Ulug‘bek tumani, Mustaqillik shoh ko‘chasi, 54-uy.