
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti
Informatika va axborot texnologiyasi sohasida malakali mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashgan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti 1955-yilda Toshkent elektrotexnika aloqa instituti nomi bilan tashkil etilgan.
Hozirda oliygohda 21 000 talaba axborot texnologiyalari sohasining 20 ta yoʻnalishida tahsil olmoqda. Ularga 1 nafar akademik, 16 nafar fan doktori hamda 200 dan ortiq professor-oʻqituvchilar taʼlim bermoqda. Universitetda zamonaviy texnologiyalarni oʻrganish maqsadida 6 ta oʻquv-ilmiy laboratoriyasi tashkil qilingan. Bugungi kunga qadar 90 dan ortiq ilova va dasturlarga patent olindi. Universitet axborot resurs markazi umumiy fondi 322 000 dan ortiq adabiyotni oʻz ichiga oladi. Toshkent axborot texnologiyalari universiteti 26 ta xorijiy davlatning 42 ta universitet, 8 ta ilmiy-tadqiqot markazlar, 12 ta korxona va tashkilotlar bilan hamkorlik o‘rnatgan. Buning natijasi oʻlaroq “Oʻzbek-hind axborot texnologiyalari markazi”, “Internet Plaza” nomli O‘zbek-Koreya markazi, CISCO mintaqaviy akademiya o‘quv markazi tashkil etildi. Soʻnggi yillarda universitetda 71 ta loyiha amalga oshirilmoqda va bu loyihalar uchun 4 mlrd soʻm mablagʻ sarflandi. Toshkent axborot texnologiyalari universiteti qoshida akademik litsey ham faoliyat koʻrsatadi. Universitet Oʻrta Osiyo oliy taʼlim muassasalari reytinggida 26-oʻrinda qayd etilgan. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov universitetning faxriy bitiruvchisi hisoblanadi.

