
O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi
Raqs sanʼati sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish maqsadida 2020-yili Toshkent shahrida Oʻzbekiston davlat xoreografiya akademiyasi tashkil etildi.
Oliygohda xoreografiya sanʼati nazariya va tarixi, ijtimoiy-gumanitar fanlar, Oʻzbek tili va adabiyoti kafedrasi faoliyat koʻrsatmoqda. Mazkur akademiya xususiyatidan kelib chiqib, axborot resurs markazi fondida asosan sanʼatshunoslik va xoreografiya yoʻnalishi boʻyicha 39 000 nusxadan ortiq, 13 000 nomdan iborat darslik, oʻquv qoʻllanma, nota asarlari, badiiy va boshqa turdagi adabiyotlar saqlanadi. Oliy taʼlim muassasasi Rossiya, Belorussiya, Qozogʻiston, Tojikiston hamda Janubiy Koreyada joylashgan raqs va sanʼatga ixtisoslashgan akademiya va universitetlar bilan hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻygan. Akademiya qoshida Oʻzbekiston davlat xoreografiya akademiyasi akademik litseyi faoliyat koʻrsatmoqda.

