Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti 2018-yil 24-mayda taʼsis etilgan boʻlib, Oʻrta Osiyodagi jurnalistika sohasiga ixtisoslashgan yirik, oliy oʻquv yurti hisoblanadi. Universitetda taʼlim jarayoni oʻzbek hamda rus tillarida olib borilib, talabalarga bakalavr, magistratura hamda sirtqi taʼlim shakllarida bilim beriladi. Universitetning chet davlat oliy taʼlim muassasalari bilan oʻzaro aloqalari ham havas qilarli darajada. Xususan, Turkiya, Rossiya, Ispaniyada joylashgan bir nechta universitetlar bilan oʻzaro hamkorlik va memorandum aloqalari yoʻlga qoʻyilgan. Bundan tashqari, oliygohning Huawei, DW Academy va Turkiyaning TIKA agentligi bilan oʻzaro manfaatli hamkorligi universitetning zamonaviy, moddiy, texnik baza bilan taʼminlanishiga keng imkoniyat yaratadi. Universitet DW Academy bilan birgalikda “Jurnalistlar maktabi” loyihasini ham tashkillashtirgan. Hozirgi kunda oliygohda 4 nafar professor, 24 nafar dotsent, 4 nafar fan doktori, 12 nafar fan nomzodi talabalarga bilim berib kelmoqda. Universitet yurtimizdagi eng yosh oliygohlardan biri boʻlishiga qaramasdan, umumiy reytingda 4-oʻrinda qayd etilgan.