Roman-german va koreys filologiyasi boʻyicha pedagog-mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashgan Samarqand davlat chet tillar instituti (SamDChTI) 1994-yilda tashkil etilgan.
Oliygohda 20 ta taʼlim yoʻnalishida 12 000 dan ortiq talaba tahsil olmoqda. Ularga 12 nafar fan doktori, 54 ta fan nomzodi hamda 54 ta oʻqituvchi pedagoglar taʼlim bermoqda. Oliy taʼlim muassasasi jahonning rivojlangan mamlakat universitetlari bilan xalqaro hamkorlik shartnomalarini imzolagan. Bu dastur doirasida talaba hamda professorlar Rossiya, Germaniya, Italiya, Xitoy, Malayziya, Koreya va Yaponiya kabi mamlakatlarda tahsil olishi mumkin. Shuningdek, talabalar uchun 2+2 qoʻshma taʼlim dasturi doirasida yuqoridagi davlat universitetlarida tahsil olish imkoniyati yaratilgan. Oliygoh 81 ta oliy taʼlim muassasasi bilan memorandum va hamkorlik shartnomasiga ega boʻlib, ular qatorida Shanxay xorijiy tillar universiteti (Xitoy), Sunchon milliy universiteti (Janubiy Koreya), Florensiya universiteti (Italiya), Vebster universiteti (AQSh) hamda Haydelberg pedagogika universiteti (Germaniya) kabi mashhur oliy taʼlim muassasalari borligi eʻtiborga molik. Institut qoshida Samarqand davlat chet tillar instituti akademik litseyi faoliyat olib boradi.