
Toshkent farmatsevtika instituti
Oliy maʼlumotli farmatsevt, farmatsevt–muxandis texnolog hamda farmatsevt pedagoglar tayyorlashga ixtisoslashgan Toshkent farmatsevtika instituti 1937-yilda tashkil etilgan.
Bugungi kunda institutda 4 ta yoʻnalish mavjud boʻlib, 4 000 dan ortiq talaba tahsil olmoqda. Ularga 350 nafardan ortiq professor-oʻqituvchi taʼlim bermoqda. Oliygohning ilmiy faoliyatiga nazar tashlaydigan boʻlsak, har yili 770 dan ortiq ilmiy izlanish, jumladan, 320 maqola va 442 tezis olib boriladi. Hozirda institutda 6 ta amaliy va 3 ta innovatsion loyiha amalga oshirilmoqda, ularning umumiy qiymati 5 mlrd soʻmga baholanmoqda. Toshkent farmatsevtika instituti Umumjahon sogʻliqni saqlash tashkiloti hamkorligida olib borilayotgan Markaziy Osiyo davlatlarida farmatsevtika taʼlimini isloh qilish boʻyicha maxsus loyiha doirasida Rossiya, Ukraina, Pokiston, Hindiston va Xitoy davlatlarida joylashgan oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Institut oʻzining “Farmasevt” nomli ilmiy jurnali hamda akademik litseyiga ega.

