Toshkent moliya instituti(TMI) 1991-yil 13-mayda Toshkent xalq xoʻjaligi institutining moliya-kredit va hisob-iqtisod fakultetlari negizida tashkil etilgan.
Institutda 9 ta ta’lim yoʻnalishida 10 mingdan ortiq talaba tahsil oladi. Ularga 160 dan ortiq professor, 40 dan ortiq fan doktori hamda 3 nafar akademiklar taʼlim bermoqda. Hozirgi kunda institutda 4 ta xalqaro loyihalar amalga oshirilayotgan boʻlib, bu uchun 21 ming AQSh dollari ajratilgan. Oliygohning Oʻzbekistondagi reytinggi 8-oʻrinda boʻlib, bundan tashqari QS Asia University Rankings —2023 reyting natijalariga koʻra, Osiyo davlatlari orasidagi top-500 oliygohlardan biri. Times Higher Education agentligining World University Rankings — 2023 reyting natijalariga koʻra, Toshkent moliya instituti Reporter maqomini yana bir bor qoʻlga kiritdi. Institut bir necha Yevropa davlatlari, xususan, Italiya, Latviya, Litva, Ruminiya, Polsha, Rossiya, Turkiya, Germaniya, Ispaniya va Osiyo mamlakatlari oliy taʼlim muassasalari bilan keng qamrovli hamkorlik shartnomasiga ega. Ular orasida Jahon bankining borligi esa institut talabalariga jahon andozasiga mos bilim olishda keng imkoniyat eshiklarini ochadi. Institut qoshida Toshkent moliya instituti akademik litseyi faoliyat koʻrsatmoqda. Oʻzbekiston moliya vaziri Timur Ishmetov hamda Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev institutning mashhur bitiruvchilari hisoblanadi.