
Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti
Avtomobilsozlik, mashinasozlik, energetika sanoati, arxitektura sohasidagi tashkilot va korxonalarni yuqori malakali mutaxassislar bilan taʼminlash maqsadida 2009-yili Italiyaning Turin politexnika universiteti bilan hamkorlikda Toshkent shahrida Turin politexnika universiteti tashkil etildi.
Oliygohda 5 ta taʼlim yoʻnalishi mavjud boʻlib, talabalar “Mashinasozlik texnologiyasi”, “Axborot texnologiyalari va sanoatda avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlari”, “Sanoatda xo‘jalik qurilishi va arxitektura”, “Biznes boshqaruv – Menejment”, “Sanoat ishlab chiqarish texnologiyalari” kabi yoʻnalishlarda tahsil olishi mumkin. Bitiruvchilar Politecnico di Torino (Polito) bakalavr va magistr darajasiga ega boʻladi. Universitet qoshida ilmiy va amaliy tadqiqotlarni amalga oshirish hamda avtomobil dizayni, dvigateli, ehtiyot qismlari, butlovchi qismlari, asbob-uskunalari boʻyicha ilmiy tadqiqot natijalarini qoʻllash imkoniyatini beruvchi Texnopark va Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti akademik litseyi tashkil etilgan. Shuningdek, oliygoh bilim va texnologiyalarni tijoratlashtirish uchun universitet 3.0 maqomini olgan oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi. Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti respublikadagi yirik avtomobil ishlab chiqaruvchilar hisoblangan UzAuto, GM Uzbekistan, GM Powertrain Uzbekistan hamda Man kabi yirik kompaniyalar bilan va dunyoning 19 mamlakatining 40 dan ortiq oliygoh va kompaniyalari bilan mustahkam aloqalar oʻrnatgan.

