Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat instituti (TTYeSI) oʻz faoliyatini 1932-yilda boshlagan. 1968-yildan beri oliy taʼlim muassasasi hozirgi nom bilan ataladi.
Bugungi kunda oliygohda 33 ta taʼlim yoʻnalishi mavjud boʻlib, 5 mingdan ortiq talabaga oʻzbek hamda rus tillarida taʼlim berilmoqda. Institut hozirgi kundagi respublika oliygohlari reytingida 24-oʻrinda qayd etilgan. Institut qoshida Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat instituti akademik litseyi, Bogʻot hamda Marhamat yengil sanoat texnikumlari faoliyat koʻrsatmoqda. Oliygoh Yevropaning Erasmus+ xalqaro loyihasi hamkori hisoblanadi. Oʻtgan bir asrga yaqin vaqt ichida institut tomonidan 1000 ga yaqin loyihaga patent olingan boʻlib, 30 dan ortiq fan doktori, 200 ga yaqin fan nomzodi tayyorlandi. Institut kafedralari Germaniya bilan hamkorlikda Truchler, Zinser, Walkman firmalari uskunalari bilan taʼminlangan. Kutubxona fondida esa 900 mingga yaqin asar mavjud.